Қизириқ тумани ҳокимлиги ахборот хизмати
AYOLLAR HIMOYASI DUNYO HAMJAMIYATI NIGOHIDA
E‘lonlar / 2025-03-13

AYOLLAR HIMOYASI DUNYO HAMJAMIYATI NIGOHIDA

10-dekabr – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kun. Har yili  butun dunyoda ushbu sana munosabati bilan inson huquqlarini himoya qilishga oid ko‘plab  tadbirlar, targ‘ibot aksiyalari o‘tkaziladi. Bugungi o‘tkazilayotgan konferensiyamiz ham aynan  ushbu targ‘ibot tadbirlarining bir qismi bo‘lib, ushbu konferensiyada oila huquqi doirasida  oila a’zolarining huquq va erkinliklarini tadqiq etish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Shu bilan  birgalikda, hozirgi kunda oila huquqining eng og‘riqli muammolaridan biri oiladagi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq holatlarining mavjudligi bilan izohlanadi. Ushbu salbiy holatlarning  oldini olish, ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish har bir ayolning shaxsiy, ijtimoiy,  iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Bugungi kunda oilaviy zo‘ravonlik xalqaro hamjamiyat tomonidan ayollar, erkaklar, qariyalar  va bolalarga nisbatan eng keng tarqalgan inson huquqlari va erkinliklarining qo‘pol ravishda  buzilishlaridan biri sifatida qaraladi. Amalda dunyoning barcha mamlakatlarida turli xil jamoat  tashkilotlari va davlat organlari ushbu muammo bilan shug‘ullanadi.

     Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish va jamiyatda teng  ishtirok etish yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri hisoblanadi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tarixiy  jihatdan erkaklar va ayollar o‘rtasida teng bo‘lmagan kuchlar muvozanatining namoyon bo‘lishidir,  buning natijasida ayollar ustidan hukmronlik, kamsitishlar yuzaga keladi. Zo‘ravonlik ayollarning  to‘liq rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi; ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ayollarning erkaklarga nisbatan  bo‘ysunuvchi pozitsiyani egallashga majbur bo‘lishiga olib keladigan mexanizmlardan biridir. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik qayerda bo‘lishidan qat’i nazar ijtimoiy tuzilmalar va madaniy  an’analar, jamiyat, shu jumladan, patriarxal jamiyatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan  madaniy an’analar, me’yorlar va qadriyatlar bilan chuqur ildiz otgan va ko‘pincha inkor etish va  sukut saqlash madaniyati bilan davom etib kelmoqda. Oilaviy, maishiy, psixologik, jismoniy, jinsiy tazyiq va zo‘ravonlik tarixiy-ijtimoiy hodisadir. 

Zo‘ravonlik, xususan, oiladagi va maishiy zo‘ravonlik turli xalqlarda, turli davrlarda mavjud  bo‘lgan. U oddiy odamlar hayotida ham yoki mashhur va boy odamlar hayotida ham sodir bo‘lishi  mumkin, ya’ni zo‘ravonlik turli ijtimoiy tabaqalar ichida uchraydi. Biroq oiladagi uzoq davr  mobaynida davom etadigan surunkali ishsizlik, moddiy muammolar, yеtishmovchilik, yo‘qchilik,  kambag‘allik, depressiya, qiyinchilik va undan chiqib keta olmaslik kabilar oiladagi agressiyaning ortishiga sabab bo‘lishi, konfliktogen sifatida vaziyatni kuchaytirib yuborishi va zo‘ravonlik orqali  o‘z manfaatlari ifodasini yuzaga keltirishi mumkin.

     Ma’lumki, BMTning 1993-yilda qabul qilingan “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik to‘g‘risida”gi  Deklaratsiyasida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tushunchasi quyidagicha belgilanadi: “Jamoat  yoki shaxsiy hayotda har qanday zo‘ravonlik harakatini qamrab olgan ayollarga jismoniy, jinsiy  yoki psixologik zarar yеtkazish yoki azoblash, shu jumladan, tahdidlar yoki tahdidlarga olib  kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar, majburlash yoki o‘zboshimchalik bilan ozodlikdan mahrum qilishdir”. Ayollarga qarshi zo‘ravonlik o‘ziga xos xususiyatlarga ega va shuning uchun alohida  javobgarlik talab qiladi. 2019-yildan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining va “BMT-Ayollar” hamda BMTning ikki   tomonlama agentliklari ko‘magi bilan ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha  “RESPECT WOMEN” nomli ko‘rsatmalarni nashr etishni boshladi. Unda xotin-qizlarni zo‘ravon-likdan himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari, yеtti strategiya va mexanizmlar bayon qilinadi. 

 RESPECTning har bir harfi yеtti strategiyadan birini ifodalaydi: munosabatlar ko‘nikmalarini mustahkamlash, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, kafolatlangan xizmatlar, qashshoqlikni  kamaytirish, qulay sharoitlar yaratish (maktablar, ish joylari, jamoat joylari), bola va o‘smirlarga qarshi zo‘ravonlikning oldini olish. Ushbu yеttita strategiyaning har biri uchun samaradorlik turli darajadagi dalillarga ega bo‘lgan bir qator past va yuqori resurslar mavjud. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2021-yil 9-martda e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, 15-49 yoshdagi ayollarning to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i hayotlarida kamida bir marta jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikni boshdan kechirganlar. Jumladan, ular G‘arbiy Tinch okeani hududidagi davlatlarda 20% ni, yuqori daromadli mamlakatlar va Yevropada 22% ni, Amerika mintaqasida  25%, Afrikada 33%, Sharqiy O‘rta Yer dengizi va Sharqiy Osiyoda 33% ni tashkil qilmoqda. Dunyoda zo‘ravonliklar sababli halok bo‘lgan ayollarning 33-50 foizi erlarining kaltaklaridan vafot etgan. Bugungi kunda 60 ta mamlakatda oilaviy zo‘ravonlikka oid qonun qabul qilingan. 2021-yilning 9 oyi mobaynida O‘zbekistonda himoya orderi olgan ayollar 29541 tani tashkil  etgan bo‘lib, 10343 ta holatda ayollar jismoniy zo‘ravonlikka, 13940 ta holatda ruhiy bosimga  uchragan, 5353 ta holatda esa tazyiq ostida qolgan. Orderlarning 146 tasi iqtisodiy, 72 tasi jinsiy  zo‘ravonlik qurbonlariga berilgan.

     Xulosa qilib, xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini hal qilish, erkaklar bilan bir qatorda ular  uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning ta’lim olishi va kasbiy tayyorgarligiga e’tibor qaratish,  ayniqsa, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, xotin-qizlarga eskicha an’anaviy munosabat hamda shakllangan stereotiplarni yo‘qotish, jamiyatda qonun, adolat tamoyili ustuvorligini  ta’minlash tazyiq, zo‘ravonliklarning oldini olish, shuningdek, uni vujudga keltiruvchi sabablarni kamaytirish chora-tadbirlari (usullari) deb aytish mumkin.

 

Jinoyat ishlari bshyicha Qiziriq tuman sudi raisi

O.Hayitov

 

Рўйхатдан ўтиш
  • Ҳозир сайтда
  • 1 та фойдаланувчи ҳозир сайтда
Сайт ҳақида фирингиз?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси