Korrupsiyaga qarshi kurashishda birdek mas’ulmiz
Jamiyat hayotida korrupsiyaga qarshi kurashish va uni tizimli ravishda profilaktika qilishda davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyati bugun har qachongidan ham muhim hisoblanadi.
Shunday ekan, kun tartibidagi masalaning naqadar o‘tkir muammolardan biri ekanligi bo‘yicha e’tiboringizni quyidagi raqamlarga qaratmoqchiman.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatimiz “Transparency International” xalqaro nohukumat tashkilotining indeksida 42 pog‘onaga ko‘tarildi va bu borada mintaqamizda eng yuqori o‘rinni egallamoqda. 2030 yilga qadar mazkur reytingdagi o‘rnimizni yana 50 pog‘onaga yaxshilash maqsadini ko‘zlangan. Joriy yilda O‘zbekiston “Open Data Inventory” reytingida esa 30-o‘ringa ko‘tarildi. Ochiq ma’lumotlar manbalari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 4-o‘rindan joy olgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimidagi nutqida ta’kidlanganidek, “bugungi kunda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil qilmoqda. Ammo, bu katta raqamlar haqiqiy holatni va korrupsiya natijasida ko‘rilayotgan real zararning aniq hajmini to‘liq ifoda etmaydi. Eng yomoni – jamiyat ko‘radigan ma’naviy zarar ko‘lamini hech qanday qiymat bilan o‘lchab bo‘lmaydi”.
Korrupsiyaning salbiy oqibatlarining zarari global yalpi ichki mahsulotning 5 foizdan ortig‘ini tashkil etsa, har yili global miqyosda korrupsiya tufayli davlat xaridlari fondlarining 25 foizgacha qismi yo‘qotiladi.
Joriy yilning 19 dekabr kuni poytaxtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirishga bag‘ishlangan tadbirda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev muhim tashabbuslarni ilgari surib, “korrupsiyaga qarshi kurashish har bir vijdonli insonning, har bir demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir” deb ta’kidladi. O‘z navbatida, milliy va xorijiy ekspertlarning ta’kidlashicha, bunday salmoqli tadbirning O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazilishi mamlakatimiz rahbarining bu boradagi amalga oshirayotgan ishlarining samaradorligi jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilayotganidan dalolatdir. Ammo, shunday ijobiy o‘zgarishlar sharoitida ayrim nopok amaldorlarning davlatimiz rahbariga kamarbasta bo‘lish o‘rniga aksincha, korrupsiya botqog‘iga botib, jamiyat taraqqiyotiga g‘ov bo‘lib, umri davlat va jamiyatning buguni hamda kelajagiga xiyonat qilish, yosh avlod ongini zaharlash bilan o‘tayotganligi keng jamoatchilikning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bu esa, davlat xizmatchilariga nisbatan xalqning ishonchini pasayishi, yuqori turuvchi organlarning imidjini tushishi kabi salbiy holatlarni yuzaga keltirmoqda.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bugungi kunda Yangi O‘zbekistonning zamonaviy rahbari qanday sifatlarga ega bo‘lishi kerak?, ularni lavozimga tayinlashda qaysi mezonlar ustuvorlik qilishi lozim?
Ushbu savollarga javob topishda “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2023 yil 22 fevral kunidagi №36 (825)-sonida taniqli siyosatshunos olim Paxrutdinov Shukritdin Ilyasovichning “Yangi O‘zbekistonda demokratik jamiyat va rahbar mas’uliyati” nomli maqolasidagi fikrlar e’tiborimni tortdi.
Jumladan, ushbu maqolada “......bugun rahbarlar o‘zini qiynashi kerak. Chunki jamiyat xavfsizligini ta’minlash vazifasi barcha rahbarlarning burchidir” deb rahbarlik sifatlari ochib berilgan. Olim ta’kidlaganidek, bugungi zamonaviy rahbar doimo o‘z nafsi ustida ishlab, shaxsiy rivojlanishi, el-yurt manfaatlarida yo‘lida fidoiiylik ko‘rsatishi, boshqaruvni bo‘shashtirmaslik, salbiy illatlarga berilmaslik kabilarga qat’iy amal qilishi talab etiladi. Shu bilan birga, bugungi rahbar o‘z jamoasi ahvoli, xodimlarning ijtimoiy-siyosiy kayfiyati, dunyoqarashi, orzu-intilishlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi shart. Bularning barchasi jamlanib islohotlar samaradorligini ta’minlaydi.
Bu esa o‘z navbatida, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali dasturlarini amalga oshirish, ularning hisobdorligi va faoliyatining ochiqligi mexanizmlarini joriy etish, davlat hokimiyati organlari xodimlarining odob-axloq qoidalariga rioya etilishi va manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinishini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilash va bajarish orqali mamlakatimiz barqaror taraqqiyotiga tahdidlarni bartaraf qilish imkoniyatini oshiradi. Shuningdek, bu mas’uliyatli va murosasiz kurash yo‘lida Yangi O‘zbekiston zaminida demokratik ilohotlar ortga qaytmas tus olgan o‘zgarishlar sharoitida har bir bo‘g‘in rahbarlarining o‘z faoliyati samaradorligini ko‘rsatishiga to‘sqinlik qiladigan sabab va omillarning pasayishiga olib keladi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma’muriy munosabatlari ma’no-mohiyatini o‘zgartiradi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudining sudya yordamchisi
Х.Абдусаломова
© Қизириқ тумани ҳокимлиги ахборот хизмати веб-сайтлари 2025
2 izoh