MILLATLARARO TOTUVLIK – TINCHLIK VA BARQARORLIK GAROVI
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik gʻoyasini hayotga tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratdi. Millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni rivojlantirish uchun barcha huquqiy asos va zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Bagʻrikenglik madaniyatini mustahkamlash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bunda koʻpmillatli jamiyatimiz fuqarolari ongida haqiqiy vatanparvarlik, xalqparvarlik va insonparvarlik tuygʻusini shakllantirish bu sohadagi ishlarning muhim yoʻnalishiga aylandi. Millatlararo doʻstlik va hamkorlik yoʻli bilan madaniy, maʼrifiy va maʼnaviy yuksalish sari shahdam qadamlar tashlandi. Aziz va muqaddas boʻlgan jonajon yurtimizda turli millat vakillarining tinch va totuv istiqomat qilayotganligi, yagona Vatan tushunchasining qalblarda hukmron ekanligi mamlakatimiz mustaqilligi va taraqqiyotining muhim garovi boʻlib xizmat qilmoqda.
Oʻzbekistondek jannatmakon bir oʻlkada millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirish, millatlarning har tomonlama ravnaq topishi, ularning milliy qadriyatlarini saqlab qolish, urf-odatlari va anʼanalarining rivojlanishiga barcha imkoniyat hamda shart-sharoitlar yaratib berilganligini mamnuniyat bilan qayd etish lozim.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda soʻnggi yillarda bu borada amalga oshirilgan islohotlar va uning natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotir. Binobarin, mamlakatimizda turli millat va konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qoʻllab-quvvatlash hamda tinchlik va totuvlikni taʼminlashga oid izchil va puxta oʻylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Taʼkidlash joizki, dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashashi, taʼlim olishi, mehnat qilish va oʻz iqtidorini namoyish etishi kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol etilayotgan bir davrda Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bagʻrikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashamoqda.
Eʼtiborli jihati, Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida ham ushbu yoʻnalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida bu boradagi xayrli ishlarni izchil davom ettirish va yuqori bosqichga koʻtarish bilan bogʻliq muhim taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Taraqqiyot strategiyasida belgilanayotgan vazifalar bu boradagi ishlarimizga yanada keng yoʻl ochib beradi, imkoniyatlarimizni yanada kengaytiradi, milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtiradi. Undagi turli millat yoshlari uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bagʻrikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini yuksaltirish, millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosatini yoritayotgan ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash hamda xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida doʻstlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalar faoliyatimizni yanada rivojlantirishga zamin yaratadi.
Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, urf-odatlari va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, koʻp millatli xalqimizning saʼy-harakatlarini olijanob gʻoya — mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, kuchli va adolatli fuqarolik jamiyati va demokratik huquqiy davlatni shakllantirish gʻoyasi atrofida birlashtirishga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda eng yirik milliy madaniy markazlardan biri boʻlgan qozoq milliy madaniy markazimiz jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash borasida samarali faoliyat yuritib, jamiyatimizda etnik oʻziga xoslikni rivojlantirish va millatlararo munosabatlarni yanada uygʻunlashtirishga mana 30 yildirki, salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda.
Markazimiz tomonidan millatlararo totuvlikni mustahkamlash, qardosh oʻzbek va qozoq xalqlari oʻrtasidagi abadiy doʻstlik va yaqin hamkorlik rishtalarini yanada rivojlantirish, xalqlarimiz oʻrtasidagi adabiy-madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida turli tadbirlar oʻtkazilib, xalqlarimiz oʻrtasida hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga katta eʼtibor qaratmoqda.
Ayni paytda joriy yil Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi, madaniy markazimiz tashkil etilganining 30 yilligini munosib kutib olish va keng nishonlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Biz turfa madaniyat va qadriyatlar gullab-yashnayotgan mamlakatimizda siyosiy barqarorlik va diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va hamjihatlikning tobora uygʻunlashib borishi, qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarning yanada mustahkamlanishiga munosib xissamizni qoʻshaveramiz.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudining raisi
O.Hayitov
© Қизириқ тумани ҳокимлиги ахборот хизмати веб-сайтлари 2025