Qiziriq tumani hokimligi axborot xizmati
KORRUPSIYaGA QARShI KURASh – DAVLAT VA JAMIYaT YaNGILANIShIDA MUHIM OMIL

KORRUPSIYaGA QARShI KURASh – DAVLAT VA JAMIYaT YaNGILANIShIDA MUHIM OMIL

Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Buni so‘nggi yilllarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishda O‘zbekiston islohotlarining asosiy hujjati hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ahamiyati katta hisoblanadi.

Mamlakat taraqqiyotining eng muhim yo‘nalishlari belgilangan Harakatlar strategiyasining Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishida bevosita korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Eng avvalo, shuni ta’kidlash o‘tish joizki, korrupsiyaga qarshi kurashning sifat va son jihatdan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning siyosiy irodasi mahsulidir. Jumladan, davlat rahbarining jamiyatni «halollik vaksinasi bilan emlash» zaruriyati haqidagi fikrlari bu boradagi ishlarga qo‘yilgan tamal toshi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, Prezident 2020 yilning 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, «Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi».

Ikkinchidan, sohada normativ-huquqiy bazani tizimli ravishda takomillashtirib borish choralari ko‘rilmoqda. Fikrimizning isboti o‘laroq, korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi qonunning kuchga kirgani, shuningdek turli qonunosti hujjatlarining qabul qilinganini keltirish mumkin. Xususan, 2017 yil 3 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Ushbu Qonunning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, unda «korrupsiya», «korrupsiyaga oid huquqbuzarlik», «manfaatlar to‘qnashuvi» kabi asosiy tushunchalarga izoh berish bilan bir qatorda, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari ham qayd etilgan. Shuningdek, qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, vakolatli organlar tizimi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, jazo muqarrarligini ta’minlash va bu borada xalqaro hamkorlikni ta’minlash kabi choralar mustahkamlab qo‘yildi.

Uchinchidan, chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi uchun maxsus davlat organi tashkil etilib, bu boradagi davdat siyosatining institutsional asoslari takomillashtirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi tashkil etildi. Agentlik faoliyatining huquqiy asoslari, vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlarini belgilashda xalqaro normalarni ilgari surgan holda xorijiy tajriba atroflicha o‘rganildi. Uning eng maqbul jihatlari Prezidentning mazkur farmonida to‘laqonli aks ettirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi va uning hududiy kengashlari tashkil etildi. Ushbu islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, bu – korrupsiya illatlariga barham berishdan iborat.

To‘rtinchidan,  barcha davlat va jamoat tashkilotlarini, mamlakat miqyosida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni o‘z ichiga qamrab oluvchi davlat dasturlari qabul qilinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi Qarori bilan 2017–2018 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birinchi Davlat dasturi qabul qilinib, uning ijrosi doirasida  aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu islohotlarni davom ettirgan holda, 2019 yilning 27 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan 2019–2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha navbatdagi Davlat dasturi tasdiqlandi. Bu boradagi so‘nggi qadamlardan biri sifatida 2021 yili 6 iyul kuni «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021–2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturini keltirish mumkin. Unda 44 ta chora-tadbir ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, ijro muddatlari, mas’ul ijrochilar, ijro mexanizmi aniq belgilab qo‘yilgan.

Beshinchidan, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlarning asosida davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda. Jumladan, 2021 yil 16 iyunda qabul qilingan «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga ko‘ra, barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatini tasdiqlashlari lozimligini joriy etildi. Bundan tashqari, budjet xarajatlarini tartibga solish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, budjet qonunchiligining buzilishi faktlari to‘g‘risida xabardor qilish va budjet jarayonini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish tartib-taomilini tashkil etish bo‘yicha «Openbudget» – «Ochiq budjet» portali ishga tushirildi.

Oltinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashning yana bir muhim jihati – davlat organlarini optimizatsiya qilish, ularning ixchamligini oshirish tizimli ravishda, bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, 2021 yil 3 aprel kuni Prezident davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining shtat birliklari sonini qisqartirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Qarorga muvofiq, davlat organlari xodimlarining soni 15 foizgacha maqbullashtirildi. Natijada, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning idoraviy va hududiy bo‘linmalarida jami 5288 ta shtat qisqartirildi. Shuningdek, vazirlik va idoralarning 40 nafar rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari ham qisqartirildi.

Yettinchidan, korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri – davlat boshqaruvi tizimida «inson omili»ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yo‘lga qo‘yildi. Ma’muriy va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ro‘yxatga olish, litsenziyalash va ruxsat berishga doir tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ularning tezkorligini oshirish maqsadida barcha hududlarda jami 201 ta davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi. Ushbu markazlar tomonidan 2017 yilda 37 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2018 yilda ularning soni 106 taga, 2019 yilda ularning soni 133 taga yetdi. 2020 yildan esa markazlar orqali 148 turdagi shaffof, qulay va tezkor davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Sakkizinchidan, korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro tajriba va huquqning tegishli normalarini mamlakat qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilish bilan birgalikda olib borilmoqda. Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligining tashkil etilish ham O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiyasining tegishli moddalari, shuningdek xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash amaliyotidagi «Jakarta prinsiplari»ning mamlakatdagi implementatsiyasiga misol bo‘la oladi.

To‘qqizinchidan, korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni yaratish jamoatchilikning keng ishtirokida amalga oshirilmoqda. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilib, Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari, «Ishonch telefoni» hamda har bir vazirlik va davlat idoralarining «ishonch telefonlari», «virtual qabulxonalari» tashkil qilinib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida barcha darajadagi davlat rahbarlarining «sayyor qabullar»ni o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

O‘ninchidan, korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlari va xo‘jalik yuritish sub’ektlarida «komplaens-nazorat» tizimining keng joriy etishili amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019–2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturida ustav jamg‘armasida davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish «komplaens-nazorat» tizimini joriy etish, samaradorligini monitoring qilish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tegishli korrupsion standart (ISO 37001)ga muvofiq sertifikatlashtirish tartibini o‘rnatish bo‘yicha tegishli vazifalar ilgari surildi. Ushbu belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 26 ta vazirlik va idoralarda yashirin iktisodiyot ulushini qisqartirish hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat «komplaens-nazorat» tizimini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Albatta, amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami maqtovga loyiq, biroq, hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham yo‘q emas. Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 6 oyi mobaynida 2544 nafar mansabdor shaxsga nisbatan korrupsiya holatlari bilan bog‘liq bo‘lgan 1676 ta jinoyat ishlari tergov qilinib, sudlarga yuborilgan.  Sud yakunlari bo‘yicha korrupsiyaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha 592,5 mlrd. so‘m moddiy zarar yetkazilgani aniqlanib, shundan 170,8 mlrd. so‘mi (28 foizi) undirilib, 421,7 mlrd. so‘mi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan undirilishi belgilangan.

O‘z navbatida, 2021 yil yanvar oyida e’lon qilingan «Transparency International» xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2020 yil bo‘yicha «Korrupsiyani qabul qilish indeksi» reytingida O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 26 ball bilan 146-o‘rinni egallab, 7 pog‘onaga ko‘tarildi. 2019 yilda O‘zbekistan 25 ball bilan 153-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 23 ball bilan 158-o‘rinni tashkil etdi. O‘zbekiston ikki yil ichida 12 pog‘onaga  yuqorilab, Markaziy Osiyo mintaqasida korrupsiyaga qarshi kurashishda sezilarli ijobiy ko‘rsatkichni namoyish etdi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida olib borilayotgan islohotlar samarali natijalar berayotganiga dalolatdir.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudining arxivariusi

T.Tilovova

Ro`yxatdan o`tish
1 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси