Qiziriq tumani hokimligi axborot xizmati
ODAM SAVDOSI - DAVR MUAMMOSI

ODAM SAVDOSI - DAVR MUAMMOSI

 

Yigirma birinchi asr taraqqiyot asri bo‘lishi bilan bir qatorda, jiddiy global muammolari bilan insoniyatni xavotirga solayotganligi ham hech kimga sir emas.

Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy global muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, ko‘p va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda.

Afsuski, dunyo bo‘ylab beqiyos keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqotlar olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar «zamonaviy qullik», ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoq qolmoqda. Ular orasida ayniqsa ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar, gudaklar(chaqaloqlar) ham borligi achinarli.

Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning aksariyat 80 foizini  ayollar  va bolalar tashkil qiladi.

O‘tgan asrdan yigirma birinchi asrga transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi «meros» bo‘lib o‘tdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  Ularning birinchisi – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik ruhi, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar, ikkinchisi – narkobiznes yoki narko-traffik bilan shug‘ullanayotgan jinoiy uyushmalar, uchinchisi – odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik-yirik jinoyatchi tashkilotlarning yildan-yilga kuchayayotganidir.

Xo‘sh bu jinoyatlarning asl sababi nimada? Bu jinoyatlarning asosiy sababi ilmsizlik, ma’naviy qashshoqlik, tubanlik, ochko‘zlik, yengil hayot tarizini o‘ziga kasb qilish, dunyoga haddan tashqari hirs qo‘yish va nafsiga qul bo‘lishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga binoan “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.”

2013 yildan boshlab  Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan
“30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni” deb e’lon qilinishi Butun bir insoniyatni ushbu jinoyatga qarshi kurashishga undab kelmoqda..

Odam savdosiga qarshi kurashish va uning ayanchli oqibatlarini keng ommaga, ayniqsa yoshlar o‘rtasida tushuntirish hamda ushbu mudhish jinoyatning jabrlanuvchilariga aylanib qolishlarini oldini olish hamda “30 iyul – Xalqaro odam savdosiga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan har yili Toshkent tibbiyot akademiyasida mazkur masalaga bag‘ishlab keng qamrovli talaba-yoshlar orasida tadbirlar tashkil qilinib kelinadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham alohida ta’kidlab o‘tilganidek, “Mamlakatimizning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini turli tahdidlardan himoya qilish, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash – barcha yutuqlarimizning bosh garovidir” degan edi.

Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri bo‘lgan odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Shu bilan birga, odam savdosi transmilliy, ya’ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat ekanligi hisobga olinib, davlatimiz 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan «Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiyaga qo‘shildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2000 yil 15 noyabrdagi rezolyusiyasi bilan qabul qilingan «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiya, shuningdek, odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qo‘yish va buning uchun jazolash to‘g‘risidagi qo‘shimcha protokol ham ratifikatsiya qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 2008 yilning 17 aprelidagi «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni va  2019 yilning 31 iyulida “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning  farmoni  mamlakatimizda odam savdosi jinoyatiga qarshi kurashishning milliy qonunchilik asoslarini yaratib berdi.

Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoyalash hamda xalqaro maydonda davlatimiz imijini oshirish maqsadida fuqarolik jamiyati vakillari va mazkur sohadagi xorijiy nohukumat tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, odam savdosining har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish xalqaro va mintaqaviy darajada jiddiy yondashuv va o‘zaro hamkorlikka asoslansagina yaxshi samara berishi mumkin.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudining raisi

O.Karimov

 

Ro`yxatdan o`tish
8 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси