Qiziriq tumani hokimligi axborot xizmati
Hayotga  qarshi jinoyatlar

Qiynash

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi yangi Konstitutsiyasining 26-moddasida hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomilaga yoki jazoga duchor etilishi mumkin emasligi belgilangan.

Jinoyat huquqida qiynashning bevosita ob’ekti jabrlanuvchining sog‘li­g‘i yoki jismoniy daxlsizligi hisoblanadi.

Ob’ektiv tomondan jinoyat muttasil ravishda do‘ppos­lashda yoki boshqacha harakatlar bilan qiynashda ifodala­nadi, bunda Jinoyat kodeksi 104-, 105-moddalarida nazarda tutilgan oqibatlar kelib chiqmagan bo‘lishi kerak.

Qiynash – ko‘p marotaba yoki uzoq vaqt davomida og‘riq yetkazish bilan bog‘liq harakatlar, chimchilash, savalash, to‘mtoq yoki o‘tkir uchli narsalar bilan ko‘plab, ammo uncha katta bo‘lmagan shikastlar yetkazish, qizdirilgan buyumlar bilan ta’sir ko‘rsatish yoki boshqa shunga o‘xshash harakat­lardir. Qiynash jabrlanuvchiga og‘ir jismoniy va ruhiy azob, og‘riq, aziyat beradi.

Shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun aybdor harakatida va jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va ruhiy azob o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish aniqlanishi lozim.

Do‘pposlash jabrlanuvchi badaniga ko‘p marotaba zarbalar berish, uni urish bilan xarakterlanadi.

Qiynash sifatida baholanadigan boshqa harakatlar deganda, sanab o‘tilganlardan tashqari uyqudan, ovqatdan, suvdan mahrum qilish, sovuq joyda saqlash, bog‘lash, tishlash va boshqalarni tushunish lozim.

Qiynashda muttasillik jinoyat huquqi va jinoyat-protsessual huquqi kabi jinoyatni uch karra va bundan ortiq marta sodir etishdan iborat bo‘lib, bu harakatning doimiy­ligidan, takroriyligidan dalolat beradi. Shuni ta’kid­lash kerakki, muttasillik shunchaki ayni bitta jinoiy qilmish takrorlanishinigina emas, balki uning harakat­larida muayyan umumiy reja namoyon bo‘lishini yoki ayb­dorning muayyan jinoiy ko‘nikmalari mustahkamlanib bo­rishini kuzatish mumkin bo‘lgan bir qator harakatlarning mavjud bo‘lishini nazarda tutadi – uning bir necha bor takrorlangan jinoiy qilmishlari bir-biri bilan bog‘liq bo‘lishi kerak.

Jinoyat do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiy­nash mutta­sil ravishda sodir etilgan paytdan e’tiboran tamom bo‘lgan deb topiladi.

Sub’ektiv tomondan jinoyat qasddan sodir etiladi. Qilmishning motivi va maqsadi jinoyatni kvalifikatsiya qilish uchun ahamiyatsizdir.

Ushbu jinoyatning sub’ekti 16 yoshga to‘lgan har qanday shaxs bo‘ladi.

Ko‘rib chiqilayotgan moddaning 2-qismida:

1) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;

2) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;

3) ojiz ahvoldagi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan qiynash uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Ehtiyotsizlik orqasidan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish (JK 111-moddasi)

Ob’ektiv tomondan jinoyat ehtiyotsizlik orqasidan badanga og‘ir (JK 111-moddasi 1-qismi) yoki o‘rtacha og‘ir (JK 111-moddasi 2-qismi) shikast yetkazishda ifodalanadi.

Sub’ektiv tomondan jinoyat ehtiyotsizlikdan, jinoiy o‘z-o‘ziga ishonish yoki beparvolik oqibatida sodir etiladi.

Aybdor harakatlari qasddan sodir etilganda va buning natijasida jabrlanuvchiga JK 104-moddasi 1-qismi yoki 105-moddasidagi tan jarohatlari yetkazilsa, aybdorning esa ularga ko‘zi yetmasa, lekin ko‘zi yetishi lozim va mumkin bo‘lsa, uning harakatlari JK 111-mod­dasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.

Ehtiyotsizlikdan yengil tan jarohati yetkazish jinoiy javob­garlikni keltirib chiqarmaydi.

Ehtiyotsizlik orqasidan ikki yoki undan ortiq shaxs badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish JK 111-modda­si 3-qismiga asosan javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Agar ehtiyotsizlik orqasidan badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilsa va bu JKning tegishli moddalarida berilgan maxsus qoidalarini buzish oqibatida yuz bergan bo‘lsa, qilmish tegishli moddalar bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi (masalan, harakat xavf­sizligi qoidalari, mehnat xavfsizligi, tog‘-kon, qurilish yoki yong‘inga xavfli ish­larning xavfsizlik qoidalari, sanitariya-epidemiologik normativlar va boshq.)

Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan ehtiyotsizlik orqasida badanga shikast yetkazish JK 102-moddasiga asosan kvalifikatsiya qilinadi.

Viloyat sudining sudya katta yordamchisi J.Ubaydullaev

Ro`yxatdan o`tish
1 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси