Qiziriq tumani hokimligi axborot xizmati
TIZIMDA YaNGI INSTITUT
E‘lonlar / 2024-07-08

TERGOV SUDYaSI: TIZIMDA YaNGI INSTITUT

         Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari zamirida avvalo, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning  huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini kafolatli ta’minlash kabi ezgu maqsadlar mujassam.

         2024 yilning 10 iyun kuni “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

         Ushbu farmon sudlar faoliyatida ochiqlik, shaffoflikni ta’minlash bilan bir qatorda, fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini  yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

         Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan:

         jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohila sudyalar-tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etiladi;

         jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritiladi;

         jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilish tartibi belgilandi;

         tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi;

         tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.

         Farmonga muvofiq, tergov sudyasi lavozimi uchun shtat birliklari sudlarning mavjud shtat birliklari hamda 2025-2027 yillar uchun ajratiladigan qo‘shimcha shtat birliklari hisobiga shakllantiriladi.

         Ushbu farmon bilan Sudyalar oliy kengashiga Oliy sud bilan birgalikda 2025 yil 1 yanvariga qadar tergov sudyasi lavozimi joriy etiladigan sudlarning yukori malakali va ma’suliyatli kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlash yuklatilgan.

Demak, 2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida ish boshlaydigan tergov sudyalari jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalalari-qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish hamda prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatmalarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqadi.

Shuningdek tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ham yuklatilmoqda.Bu orqali jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudi sudyalari o‘rtasida ish hajmi mutanosibligi ta’minlanadi.

         Qisqasi, sud-huquq tizimidagi bu muhim o‘zgartirishlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning ish yuklamasini kamaytirish hamda sudyalarning jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish jarayonlarida qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

 

           Surxondaryo viloyat sudining

                   sudyasi                                                            T.Bekpulatov

Ro`yxatdan o`tish
2 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси