TERGOV SUDYaSI — BUGUNGI KUN TALABI! Sudlarda bu lavozimning joriy etilishi ayblov tarafining ustunlik mavqeiga barham beradi
Prokurorning va umuman ayblov tarafining jinoyat ishlarini yuritishdagi mutlaq huquq va vakolatlar sohibi ekanligi sud-huquq tizimining eski sovet tuzumi mafkurasi asosida uzoq yillar davomida shakllangan bir ko‘rinishidir. Uning zamonaviy prinsiplar va xalqaro standartlar talablariga mutlaqo mos kelmasligi esa bugun sohadan ozgina xabari bor odamga sir emas. Professional tilda aytganda, inson taqdiri hal etiladigan har qanday protsessual bosqichda ayblov va himoya taraflarining teng imkoniyatlarda harakatlanishlariga erishish davr talabidir.
Bu, albatta, prokuror va advokatning to‘laligicha teng huquqli shaxslarga aylanishi kerak, degani emas. Ammo, inson manfaatlari masalasi o‘rtaga chiqar ekan, himoyachining o‘z vazifasini bajarish jarayonida ayblov tarafi bilan teng imkoniyatlardan foydalanishiga sharoit yaratilishi shart. Dunyo tajribasida esa bunga erishish uchun advokatning xolis organ bo‘lgan sudga murojaat qilishi huquqi muhim ahamiyat kasb etadi.
Biroq respublikamizda bugungi kunda 4000 ga yaqin advokat faoliyat yuritishini2 hamda sudning asosiy vazifasi odil sudlov faoliyatini olib borish ekanligini nazarda tutadigan bo‘lsak, sudlardagi ish hajmining yuqoriligi sababli, ishni sudga qadar yuritishda advokatlarning har bir murojaatini to‘liq va har tomonlama o‘rganib chiqish imkoniyati sudlarda mavjud emas. Shunga ko‘ra biz, xorij tajribasidan kelib chiqqan holda, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tarkibida tergov sudyasi lavozimini joriy etish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Zero, shu yo‘l bilan jinoyat ishini sudga qadar yuritishda taraflar faoliyatini tenglik va tortishuv asosida olib borish imkoniyati ta’minlanadi hamda ayblov tarafining ustunlik mavqeiga barham berilib, himoya tarafining protsessual maqomini oshirishga imkoniyat yaratiladi. Ammo bunday lavozimni joriy etish, o‘z navbatida, sud-huquq tizimida yana bir yangi islohotni amalga oshirishni taqozo etadi.
Tergov sudyasi o‘zi kim?
Albatta, bu o‘rinda “tergov sudyasi” tushunchasining o‘ziga ham ozgina ta’rif berib o‘tish kerak bo‘ladi.
Tergov sudyasi – bu jinoyat ishlarini yuritishning sudga qadar bo‘lgan bosqichlarida faoliyat olib boruvchi, ayblov va himoya tarafining harakatlarini muvofiqlashtirib va nazorat qilib turuvchi hamda ularning o‘z huquq va vakolatlarini amalga oshirishlari uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratib beruvchi mas’ul mansabdor shaxs hisoblanadi.
Vakolat doirasiga ko‘ra tergov sudyasi zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi JPKda ko‘rsatilgan ishni sudga qadar yuritish jarayonida sudning qarori (ajrimi) talab qilinadigan protsessual harakatlar bo‘yicha sud vakolatlarining barchasi o‘tkaziladi.
Eng asosiysi esa, tergov sudyasining ish yuzasidan xolislikni va taraflar tengligini ta’minlashi nuqtai nazaridan kelib chiqib, unga ayblov tarafining bir qator vakolatlari, jumladan, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini o‘zgartirish, mol-mulkni xatlash va uni taqiqdan yechish, ekspertiza va taftish tayinlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchi va tergovchining qonunga xilof hamda asossiz qarorlarini bekor qilish kabi vakolatlarning ham o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir.
Tergov sudyasida, shuningdek, advokatlik so‘roviga mansabdor shaxs tomonidan rad javobini olgan himoya tarafining tegishli yuridik yordam ko‘rsatish va himoyasi ostidagi shaxs manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan har qanday ma’lumot, hujjat yoki narsalarni talab qilib olish to‘g‘risidagi iltimosnomasini ko‘rib chiqish va tegishli organlarga so‘rov yuborish vakolati ham bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, shu kecha-kunduzda ko‘tarilgan yana bir masala —advokat gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida ishga jalb etilgan hollarda advokatni majburiy keltirishga, shaxsiy tintuv o‘tkazishga, uning uy-joyi, xizmat xonalarini, yuklarini, shaxsiy va xizmat transport vositalarini ko‘zdan kechirishga, advokatni uning kasbiy faoliyatiga taalluqli masalalar bo‘yicha so‘roq qilishga, shuningdek uning pochta, kurerlik jo‘natmalarini, telegraf xabarlarini va boshqa xabarlarni nazorat qilishga, axborot tashishning elektron vositalarini ko‘zdan kechirishga va nazorat qilishga, advokatning telefoni va boshqa telekommunikatsion qurilmalari orqali amalga oshirilayotgan so‘zlashuvlarni eshitib borishga, aloqaning texnik kanallaridan advokatga bog‘liq bo‘lgan axborotni olishga sanksiya berish bilan bog‘liq vakolatlar ham tergov sudyasiga berilishi tergov sudyasi faoliyatining ahamiyatli jihatlaridan biri sifatida belgilanadi.
Umuman, bu kabi ko‘plab vakolatlarning ish yuzasidan xolislik ta’minlanishiga to‘sqinlik qiladigan boshqa bir mustaqil organ ish yurituviga o‘tkazilishi natijasida sudga qadar ish yuritishda taraflar tengligining ta’minlanishiga, bu jarayonda taraflar faoliyati ustidan sud nazoratining muvaffaqqiyatli amalga oshirilishiga, shuningdek himoyachining o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishida keng imkoniyatlar va qulayliklar yaratilishiga, alaloqibat, jinoyat ishlarining shaffof va teng huquqlilik asosida olib borilishiga erishish mumkin.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, tergov sudyasi instituti bugungi kunda Belgiya, Gresiya, Iroq, Ispaniya, Niderlandiya va Xorvatiya davlatlarida o‘z faoliyatini muvaffaqqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Bu institut, ayniqsa, Fransiyada o‘z tarixiy ildiziga ega bo‘lib, davlat va jamiyat hayotida mustahkam o‘rin tutadi hamda ishni sudga qadar yuritishda tortishuv prinsipining amal qilishini ta’minlaydigan xolis, mustaqil institut namunasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Qolaversa, tergov sudyasi instituti bugungi kunga kelib bir qator sobiq sovet ittifoqi davlatlarida ham jadallik bilan joriy etilmoqda. Xususan, u 2002 yil Litvada (JPK 158-m.), 2003 yil Moldaviya (JPK 41-m.) va Estoniyada (JPK 21-m.), 2005 yil Latviyada (JPK 210-m.), 2013 yil Ukrainada (JPK 3-m.), 2015 yil esa Qozog‘iston (JPK 55-m.) va Gruziyada (JPK 20-m.) joriy etildi. Hozirda esa Qirg‘iziston va Armaniston Respublikalarida esa tergov sudyasi institutini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudining arxivariusi T.Tilovova
© Qiziriq tumani hokimligi axborot xizmati veb-saytlari 2025