NOTINCH OILA TUSHUNCHASI VA UNING KRIMINOLOGIK TAVSIFI
Dunyodagi barcha davlatlarning milliy qonunchiligida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, xususan shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatini turli jinoiy tajovuzlardan himoya qilishga alohida ahamiyat berilgan. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida “insoniyat oilasining hamma a’zolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligi” e’tirof etiladi. Ko‘pgina davlatlarda so‘nggi yillarda oila-turmush munosabatlari doirasida ayollar, bolalar va keksalarga nisbatan jabr-zulm va zo‘ravonlik qilishhollari ko‘plab uchramoqda. Xususan, har yili ayollarning foizi,1,5 milliardgacha bolalar oilada turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlik va shafqatsiz muomalaga, Yevropada esa har besh nafar boladan biri jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Hozirgi kunda jahonda oila- turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishning ta’sirchan tizimini yaratish, undan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy, huquqiy jihatdan yordam ko‘rsatish hamda bu borada samarali viktimologik ahamiyatga ega bo‘lgan profilaktika ishlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, xususan aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, bu borada davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini takomillashtirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmonining 69-maqsadida xotinqizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha quyidagi vazifalar belgilangan:
– jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
– gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiysiyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirish;
– xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotinqizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish;
– hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish;
– turarjoyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash;
– og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash;
– “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlash, mutasaddi tashkilotlar tomonidan xotinqizlarning muammolari o‘z vaqtida bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish. Tabiiyki, shaxsning shakllanishida oiladagi ijtimoiy muhitning ta’siri katta bo‘lib, uning huquqbuzar sifatida shakllanishi yoki komil inson bo‘lib kamolga yetishishida oilaning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, “...hech kim onadan jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Jinoyatchilik nomaqbul ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-axloqiy muhitdagina ildiz otishi mumkin”.
Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, uni turli tahdid va tajovuzlardan ishonchli himoya qilish, xususan, oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish maqsadida respublika “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular huzuridagi “yarashtirish komissiyasi”, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi kabi maxsus institutlarning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Biroq, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, qasddan odam o‘ldirishning 29,6 foizi, qasddan badanga turli darajada shikast yetkazishning 23,5 foizi, haqorat qilishning 15,0 foizi, bezorilikning 6,1 foizi aynan oila turmush munosabatlari doirasida sodir etilmoqda. Mazkur jinoyatlarning sabablari va sodir etilishga imkon bergan shart-sharoitlar o‘rganilganida, oiladagi nosog‘lom ijtimoiy-ruhiy muhit turli nizo va janjallarning kelib chiqishiga hamda buning oqibatida shaxsning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlarning sodir etilishiga olib kelgan. Zo‘ravonlik shaxsning ruhiyatiga turli usullar bilan ta’sir ko‘rsatish, ruhiy zo‘riqishni keltirib chiqarib shaxsning sha’ni, qadr-qimmati va erkinligini cheklashga qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etishdir. Ta’kidlash kerakki, oila turmush doirasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish uchun, eng avvalo, ushbu turdagi jinoyatlarning sabablari va ularga imkon bergan shart-sharoitlarni o‘rganish hamda tahlil qilish kelgusida ularning sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida tizimli kompleks profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqishda muhim o‘rin tutadi. Zero, “jamiyatda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, huquqiy demokratik davlat qurish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan ko‘zlangan maqsadlarga erishishning muhim sharti hisoblanadi”. Notinch oila – kundalik hayot (turmush)da oila a’zolari (er bilan xotini, qaynona (qaynopa, qaynsingil) va kelin, aka-ukalar, opa-singillar) o‘rtasida fikrlari bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi, kelishmovchiligi va urishi oqibatida vujudga keladigan nizoli vaziyat tushuniladi. Oilaning shaxs ma’naviy shakllanishidagi ahamiyati yuqori bo‘lib, inson shaxsining poydevori oilada quriladi. U o‘zini o‘rab olgan dunyo haqidagi dastlabki bilim va tasavvurni, axloq normalarini, tarbiyaviy saboqni aynan oilada oladi. Oilada ma’naviyruhiy muhitni sog‘lomlashtirishning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri oiladagi tarbiya hisoblanadi. Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “Tarbiya bizlar uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”. Shuni unutmaslik kerakki, har bir oilaning boshqa oilalardan farqi bo‘lib, uning o‘z tarbiya muhiti bo‘ladi. Oiladagi tarbiyada, eng avvalo, ota-ona tarbiyasi, so‘ngra bolalar tarbiyasi muhim o‘rin tutadi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, oilada tarbiya masalasida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tuzatib bo‘lmas oqibatlarni keltirib chiqarishi ham mumkin. Oiladagi nosog‘lom ijtimoiy muhit nafaqat oilada tarbiyalanayotgan farzandlarning, balki barcha oila a’zolarining axloqqa zid xatti-harakatlar sodir etishiga va ular o‘rtasida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlar jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu, o‘z navbatida, oilada turli nizolar hamda kriminogen vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Yuqorida tahlil qilingan sabab va sharoitlarning asosiy qismini oiladagi salbiy munosabatlar va nosog‘lom ijtimoiy muhit tashkil etadi. Zero, oiladagi salbiy munosabatlarni kriminologik nuqtayi nazardan tuzatish profilaktik choralar tizimidan iborat bo‘lib, ular oilaga ta’sir ko‘rsatish yo‘li bilan nafaqat oiladagi jinoyatlarning, balki boshqa barcha jinoiy qilmishlarning ham oldini olishga qaratiladi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oila-turmush doirasida sodir etilayotgan nizolarning kelib chiqishiga milliy urf-odat va qadriyatlarning e’tirof etilmasligi, oiladagi nosog‘lom muhit, ichkilikbozlik, oila a’zolarining salbiy xulq-atvori kabi salbiy omillar o‘zining ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun, eng avvalo, oilada sog‘lom muhit yaratish lozim. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Biz bir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim: ota-ona, jamiyat e’tiboridan chetdan qolgan bola oilaga quvonch va foyda o‘rniga faqat tashvish keltiradi. Shu bois, bola tarbiyasi, yoshlar bilan ishlash biz uchun eng muhim va dolzarb vazifa bo‘lib qolishi shart”. Buning uchun, eng avvalo, oilada ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlarni milliy urf-odat va an’analarimiz ruhida tarbiyalash, bu borada otaonalarning mas’uliyatini oshirish, oila muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish lozim. Chunki, oiladagi nosog‘lom vaziyat, urush-janjal, oila a’zolari o‘rtasidagi g‘ayriijtimoiy munosabatlar shaxs ma’naviyati salbiy shakllanishining asosiy manbayi hisoblanadi. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, oila turmush doirasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish borasida quyidagi profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir: birinchidan, ma’muriy hududlarda yashovchi ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan oilalarni o‘z vaqtida aniqlab, ularga ijtimoiy, huquqiy va ma’naviy jihatdan yordam ko‘rsatish, huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan tarbiyaviy ahamiyatga ega ishlarni tashkil etish; ikkinchidan, oila-turmush doirasida zo‘ravonlikka duchor bo‘layotgan shaxslar o‘rtasida maqsadi yashiringan ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish hamda ushbu qilmishlarning latentligini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish; uchinchidan, oiladagi nizolar tufayli zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari faoliyatini samarali tashkil etish; to‘rtinchidan, oila-turmush doirasidagi huquqbuzarliklar sabab va sharoitlari, ijtimoiy xavfi, salbiy oqibatlari, oilalarning ajralishiga olib kelayotgan omillar hamda ularning barvaqt profilaktikasiga oid videorolik, videofilm, reklama va boshqa badiiy asarlar tayyorlash hamda ularni OAVda muntazam namoyish qilish amaliyotini joriy etish; beshinchidan, oilada milliy qadriyat va urf-odatlarga zid, axloq-odob doirasidagi nojo‘ya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yayotgan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga nisbatan tegishli tarbiyaviy ta’sir choralarini ko‘rish maqsadida boy hayotiy tajribaga ega shaxslarni jalb qilish; oltinchidan, oiladagi zo‘rlikdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari faoliyatini samarali tashkil etish ushbu turdagi huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, oila turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, eng avvalo, ushbu turdagi huquqbuzarliklarning sabablari va unga imkon bergan shart-sharoitlarni o‘rganish, tahlil qilish, uning salbiy oqibatlaridan shaxslarni himoya qilish hamda oiladagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini tashkil etishga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Qiziriq tuman sudining raisi
O.Hayitov
© Қизириқ тумани ҳокимлиги ахборот хизмати веб-сайтлари 2025