OILAVIY ZO‘RAVONLIKNING HAR QANDAY KO‘RINISHIGA QARSHIMIZ!
Barchamizga ma’lumki, mamlakatimiz tarixida oila jamiyatning mustahkam poydevori, uni harakatga keltiruvchi qudratli ma’naviyat o‘chog‘i sifatida shakllanib kelgan. U inson kamolotining eng muhim bo‘g‘ini, elimizning go‘zal urf-odatlari hamda qadriyatlarini o‘zida saqlaydigan muqaddas va mo‘jaz maskan hisoblangan. Tarixiy, ilmiy-nazariy, hayotiy nuqtayi nazardan ahamiyat qaratilganda oilaning ma’naviy poydevorini esa oilaviy milliy, umuminsoniy an’ana, qadriyatlar bilan izohlash mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor”. Darvoqe, shu o‘rinda, Fitratning “Oila” asarida keltirilgan: “Biz farzandlarimizni yaxshi xulq egalari etib tarbiyalashimiz lozim, ya’ni shunday qilishimiz lozimki, farzandlarimiz imonli, fidokor bo‘lib ulg‘ayib, o‘z bolalarini islom taraqqiyotiga muvofiq tarbiyalab, din va dindoshlarini halokat va xarobalik jarligidan qutqarsinlar. Bu matlabga erishish uchun xotinlarimiz va qizlarimiz – millat onalari tarbiya va ilm olishlari lozim, axloq va bilimlarini kamolga yetkazishlari zarur”, – degan fikrlarni qayd etish lozimdir. Oila ma’naviy jihatdan yetuk bo‘lsa, uning farovonligi, tinchligi, xotirjamligi ham mustahkam bo‘ladi. Demak, jamiyatning har tomonlama rivojlanishi oilalarning mustahkamligi, farovonligi, tinchligi va xotirjamligiga bog‘liq jarayonligi namoyon bo‘lmoqda. Oilaviy munosabatning qonuniy himoyalanishi mamlakatimiz Konstitutsiyasida, Oila kodeksida ham o‘z ifodasini topgan. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda ma’naviy-axloqiy, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan farovon oilalarni shakllantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jismonan, ruhan sog‘lom bo‘lgan farzandlarning dunyoga kelishiga qulay shartsharoitlarni yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Yangi O‘zbekiston hamda Uchinchi Renessans poydevoriga asos solinayotgan davrda oila institutini mustahkamlash, uning tinchligini, xotirjamligini hamda gender tenglikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan izchil va samarali ishlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.Davlatimiz rahbarining “Ayollarni davlat va jamiyat hayotiga keng jalb etish islohotlor samaradorligi hamda iqtisodiy o‘sishini ta’minlashi – amaliyotda o‘z isbotini topgan haqiqat. Jinslar tengligiga erishish mohiyatan insonga shaxs sifatida namoyon bo‘lishga halal beruvchi barcha ijtimoiy to‘siqlarni o‘rganish va bartaraf etishdan iborat”, – degan so‘zlari ham tizimli vazifalarni yanada takomillashtirgan holda o‘z vaqtida bajarish zarur ekanligidan dalolat beradi. Vaholanki, ushbu sohada hamda yo‘nalishda, shu vaqtga qadar, juda katta hamda olamshumul ishlar amalga oshirilganini ham e’tirof etish lozimdir.
Xususan,O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmonida belgilab berilgan 7 ta yo‘nalishning beshinchi “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” yo‘nalishi bo‘yicha 71–78-maqsadlarning mohiyati ham oilaning ma’naviy poydevorini mustahkamlashga qaratilgan. Shuningdek, Prezidentimizning “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-87-son Farmoni hamda “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-146-son qarorida ham Yangi O‘zbekistonda oila institutini rivojlanishida qadriyatlardan foydalanishga alohida e’tibor berilgan. Mamlakatimiz miqyosida bo‘lib o‘tayotgan “Zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashamiz!” shiori ostidagi “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kompaniyasi ham aynan mana shu yo‘nalishdagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Darhaqiqat, bugungi kunda jamiyatimizda duch kelinayotgan xotin-qizlarning zo‘ravonlik va tazyiqqa uchrashishining oldini olish va bunday holatlarni bartaraf etish, qolaversa, umuman, yo‘l qo‘yilmasligiga erishish uchun barcha inson bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozim. Chunki xotin-qizlarga qaratilgan zoʻravonlikning har qanday shakli, turi jamiyatimizning ravnaqiga katta zarar ko‘rsatadi. Ayollarga nisbatan ishlatiladigan zoʻravonlik tufayli ular erkaklarga qat’iy boʻysunuvchi shaxsga aylanishga majbur bo‘lishadi. Buning oqibatida erkin fuqaroning asosiy huquqlariga daxl qilinadi. Zo‘ravonlik faqat jismoniy kuch ishlatish bilan emas, ruhiy, axloqiy, iqtisodiy va maishiy bosim ko‘rinishlarida namoyon bo‘lishi mumkin. Haqoratlash, majburlash, zo‘rlash, iqtisodiy cheklovlar qo‘yish, muntazam ruhiy qiynoqqa solish kabi holatlar ham zo‘ravonlik sifatida baholanadi. Ba’zi erkaklar tomonidan oilaga tushgan kelin barcha masalada eriga va uning oila a’zolariga buysunish kerakligi aytiladi. Shu bois, ko‘pgina erkaklar zo‘ravonlik o‘tkazadi, ular zo‘ravonlikning ayrim ko‘rinishlari odatiy holdek tuyuladi. Xonadondagi zo‘ravonlik, shunchaki, uydagi janjal-oilaning ichki ishlari sifatida qabul qilinadi. Oilaviy zo‘ravonlikni hech qanday sharoitda oqlab bo‘lmaydi. Bilamizki, oilada qiz bolalar itoatli, so‘zsiz bo‘ysunuvchi, kattalarga hurmat ko‘rsatish ruhida kamolga yetishadi. O‘g‘il bolalar esa ancha erkin o‘sadi. Natijada, ular zaif jins vakillariga nisbatan ustunliklarini his qilib turishadi. Shuning uchun uydagi zo‘ravonliklarning oldini olishning huquqiy mexanizmi to‘g‘risida ayollar o‘z huquqlarini mukammal darajada bilishi darkor. Axir, qonun har bir fuqaroni zo‘ravonlikning har qanday turidan himoya qiladi. Aslida, ushbu muammo jahondagi hech bir mamlakatni chetlab o‘tmagan, u xoh rivojlangan, xoh rivojlanayotgan yoki uchinchi dunyo davlati bo‘lsa ham. Shunga yarasha, bu muammoni bartaraf etish yo‘nalishida ko‘pgina mamlakatlar o‘ziga xos tajriba to‘plagan. So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash, mehnat va turmush sharoitini yaxshilash borasida shartsharoitlar yaratilmoqda. Oilaviy mojarolar va sodir etilayotgan holatlar natijasida buzilib ketayotgan oilalar muammolari mavjudligi va bundan ko‘proq ayollar aziyat chekayotganini inobatga olgan holda, ularga ko‘rsatiladigan psixologik, tibbiy va ruhiy reabilitatsiya yo‘nalishlarida amaliy chora-tadbirlar kuchaytirildi. Shu o‘rinda aytish kerakki, har qanday sohani takomillashtirishda xorijiy tajribani o‘rganish va uni mahalliy sharoitlarimizga moslashtirgan holda samarali tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. Gender tenglik ham bundan mustasno emas. “Gender bu oilaviy va boshqa huquqiy munosabatlarda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi huquqlar tengligi hamda jamiyatda va shaxsiy hayotda erkaklar va ayollarning ijtimoiy roli, mavqeyi va vazifalarini ifodalovchi tushunchadir”. Mazkur ta’rifdan kelib, aytadigan bo‘lsak, bizning nazarimizda gender tengligi – ijtimoiy tushuncha bo‘lib, jamiyatda erkak hamda ayolga yaratilayotgan huquq va imkoniyatlarning tengligi tushuniladi. Shuning uchun xotin-qizlarimizga nisbatan tazyiq hamda zo‘ravonlikning oldini olish borasida Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish haqida”gi Qonuni36 qabul qilindi. Ushbu qonunning maqsadi xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarnitartibga solishdan iborat.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunida ham gender – xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihat ekanligi belgilangan. Bunda xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash hamda hayotga moslashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirishda bu sohada faoliyat olib borayotgan har bir mutaxassisdan kuchli bilim, mahorat, psixologik va individual yondashuv talab qilinadi. Shuni yodda tutish kerakki, qaysi jamiyatda ayol qadrlanar ekan, oilalar farovon, farzandlar tarbiyasi to‘la-to‘kis bo‘ladi. Bu esa kelajakka tomon yorqin yo‘ldir. Xulosa o‘rnida aytish lozimki, gender tenglikka erishish haqiqiy demokratik qadriyatlarning ajralmas qismi sifatida eng ustuvor maqsadlarimiz qatoriga qo‘yilgan. O‘zbekiston ham turli mutasaddi tuzilmalar, jamoat tashkilotlar hamda keng jamoatchilikning bu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi xorijiy tajribasidan foydalanmoqda. Bu ayniqsa, tegishli yo‘nalishda qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ustida ishlashda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish yo‘nalishida ham muhim vazifalar bajarilmoqda. Xalqimiz yangi O‘zbekistonni qurish, Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishdek ezgu va ulug‘vor maqsad yo‘lida bormoqda. Bu jarayonlarda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar albatta, o‘z samarasini beradi. Jamiyatda gender tenglikni ta’minlashdan maqsad esa xalqimiz demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etishdek, niyatlarni ro‘yobga chiqarish, yurt taraqqiyotini yuksaltirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Shubhasiz, ushbu maqsad sari tashlangan har bir dadil qadam farovonlikka erishishda muhim poydevor bo‘ladi. Zero, davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlanganidek, “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtlidir”. Shunday ekan, bugun yurtimizda har bir yo‘nalish bo‘yicha islohotlar olib borilayotgan davrda xotin-qizlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi ustuvor vazifaga aylanishi kerak.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudining tergov sudyasi
A.Xakimov
© Қизириқ тумани ҳокимлиги ахборот хизмати веб-сайтлари 2025