ODAM SAVDOSI — MUDHISH JINOYAT
Hozirgi kunda odam savdosi davr muammosiga aylanib borayotgani barchamizga maʼlum. Odam savdosi bugunga kelib global xavfsizlik, jamiyat barqarorligi hamda jahon hamjamiyatiga tahdid solayotgan jinoyat, deb baholanmoqda. U oʻzining xavfsizlik darajasi boʻyicha noqonuniy qurol-yarogʻ sotish hamda narkobiznes kabi transmilliy jinoyatlar bilan bir qatorga qoʻyilmoqda.
Xalqaro migratsiya tashkiloti maʼlumotiga koʻra, odam savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruhlar odamlarni nafaqat jinsiy yoki mehnat ekspluatatsiyasi uchun, balki ularning ichki organlarini transplantatsiya qilish, narkotik moddalarni tarqatish, boshqa turdagi jinoyatlar sodir etish uchun ham yollab, majburlanmoqda. Xalqaro ekspertlarning maʼlumot berishicha, har yili dunyo miqyosida 2 million 700 ming kishi odam savdosi qurboniga aylanadi. Ushbu jinoyatchilikdan tushayotgan noqonuniy daromad esa 7 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi.
Dunyo miqyosida har yili 600 mingdan 800 ming nafargacha ayollar va bolalar aldov yoʻli bilan chet ellarga olib ketib sotiladi. Ayniqsa, odam savdosidan jabrlanganlarning 80 foizini ayollar yoki yosh bolalar tashkil etayotgani ayanchli holatdir. Odam savdosi inson, uning shaʼni, qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, osoyishta turmushi hamda kelajagiga tahdid solayotgan eng katta muammolardan sanaladi. Bu savdo jamiyat taraqqiyoti va davlat rivojiga jiddiy xavf tugʻdirayotgan, oʻz domiga asosan ayollarni va yoshlarni tortayotgan jinoyatchilikning xavfli koʻrinishlaridan biriga aylanib bormoqda. Odam savdosi bugungi kunda har qachongiga qaraganda ham chuqurroq avj olib borayotgani, butun dunyoda insonlarni kamsitish, ularning huquqlarini tan olmaslik darajalari ortishi insonlarni sarosimaga solmoqda. Odam savdosi jinoyati qullikning zamonaviy shakli boʻlib, qul savdosining yangi koʻrinishi hisoblanadi.
Odam savdosi jamiyatning moddiy, texnik, intellektual salohiyatini pasaytiradi, uning genefondini buzadi. Undan saqlanmoq, odamlarni ogohlikka chaqirmoq jamiyat oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir. Zero, odam savdosi hudud, chegara, millat tanlamaydigan mudhish jinoyatdir.
Insonlarning odam savdosi qurboni boʻlib qolishi asosiy sabablarini tahlil qilganimizda quyidagilar oʻz tasdigʻini topmoqda:
– Insonlar oʻz huquqlarini, milliy va xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarni bilmasligi, mustaqil va erkin fikr yurita olmasligi.
– Dunyoda ishsizlar sonining oshib borayotganligi.
– Tez va oson moʻmay daromad topish ilinji.
Odam savdosiga qarshi kurashishda birgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa tegishli idoralar tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar kamlik qiladi. Shuning uchun barcha fuqarolar birgalikda kurashishi kerak.
Hozirda dunyo manzarasiga nazar soladigan boʻlsak, oddiy, soddadil, halol mehnat qilib farzandlarini boqish maqsadida ishsiz qolgan kimsalarni oʻz toʻriga ilintirib, oldindan koʻp miqdorda pul vaʼda qilib, erkin bir insonni qullikka mahkum qilayotgan odamfurushlar jamiyatimiz rivojiga putur yetkazmoqda.
Jinoyat ishlari bshyicha Qiziriq tuman sudi raisi
O.Hayitov
© Қизириқ тумани ҳокимлиги ахборот хизмати веб-сайтлари 2025